Toshkent tibbiyot akademiyasi Ijtimoiy fanlar kafedrasi va G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonning ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan hissasi» mavzusida talabalar va professor o‘qtuvchilar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
So‘zga chiqdi Toshkent tibbiyot akademiyasining Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri, professor Norqulov S.D. Xarchand chor hukumati ag‘darilgan bo‘lsada, lekin uning mustamlakachilik siyosati va milliy zulmi sho‘ro davlati tomonidan izchillik bilan davom ettirildi. Chorizm davridagi haq-huquqsizlik, adolatsizlik, qirg‘in-barot va milliy boyliklarning talanishi eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi. Tarixda ko‘rilmagan bunday fojialarning barchasi saltanatparastlik va kommunistik g‘oyaning mahsuli edi, xolos. XX asr 30-yillarida Olmoniyada hokimiyatni egallagan fashistlarning g‘oyasi ham ulug‘millatchilik va saltanatparastlik asosiga qurilgan edi. Ularning irqchilik nazariyasi insoniyat boshiga ne-ne qirg‘in-barotlarni keltirmadi, deysiz. Fashistlar 1939 yilda Ikkinchi jahon urushini boshlab yubordilar. 1941 yil 22 iyunda esa sobiq Sovet Ittifoqiga hujum qildilar.
So‘zga chiqdi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, dotsent Babadjanov X.B. O‘zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini ayamay sarfladi. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg‘armasiga 649,9 milyon so‘m naqd pul, 4 milliard 226 milyon so‘m zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush topshirildi. Armiyaga 7 518 800 gimnastyorka, 2 636 700 paxtalik, 2 221 200 etik va qo‘njli botinka yuborildi. Yengil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga 246 918 700 so‘mlik mahsulot jo‘natilgan.
So‘zga chiqdi.- “Shon sharaf” muzeyi katta ilmiy xodimi Yo‘ldosheva Sh. Qiyinchilik va xomashyo yetishmasligiga qaramasdan, Toshkent to‘qimachilik kombinati front uchun 410 milyon metr gazlama ishlab chiqardi. Shuningdek, ko‘p miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natildi. Chunonchi, 1 282 000 tonna g‘alla, 482 000 tonna kartoshka va sabzavot, 1000 tonna poliz mahsuloti, quruq va ho‘l mevalar shular jumlasidandir. Faqat 1941 yilning ikkinchi yarmida 59 ming bosh ot frontga olib ketildi. Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumani hamda ayrim shaxslar jangchilarga yordam qo‘llarini cho‘zdilar. Masalan, 1942 yilning boshlarida Buxoro viloyatidan 4059 juft issiq kiyim, 9380 juft jun paypoq va qo‘lqop, 5660 qalpoq, 2750 shim, 3000 po‘stin, 18,5 ming litr vino, quruq mevalar olindi. 1943 yilning boshlarida Leningradga Andijon viloyatidan 7884 kilo un va bug‘doy, 5496 kilo yorma bug‘doy, 1160 kilo guruch, 418 bosh qo‘y, 8510 kilo quruq meva, Qoraqalpog‘istondan 224916 so‘m naqd pul, 21614 kilo bug‘doy, 5819 kilo go‘sht, 3700 kilo guruch jo‘natildi.
So‘zga chiqdi, Ijtimoiy fanlar kafedrasi professor Norqulov D.T. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq baliq kombinatidan 20 milyon banka go‘sht va baliq konservasi olingan edi. Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham jangchilardan hech nimani ayamadilar. 1942 yilning kuzida Surxondaryodan 5998 bosh qoramol, 18 tonna asal, 28 tonna yog‘, 31 tonna quruq meva, 3000 litr vino olindi. Toshkentdan 52 vagonda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi. 1943 yili Surxondaryo viloyati front ehtiyojlari uchun 14 milyon so‘m naqd pul, 330 tonna go‘sht va yog‘, 530 tonna bug‘doy, 180 tonna quruq meva, 33168 dona teri topshirdi.
So‘zga chiqdi. Toshkent tibbiyot akademiyasi Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti Iskandarov Sh.A. Davra suhbatidan keyin talabalarni «Shon-sharaf» muzeyiga ekskursiya uyushtirilib, ikkinchi jahon urushidagi o’zbek askarlari va xalqining jasoratlari muzey eksponatlari orqali tasvirlab berildi.
Bevosita janglarda 27 000 000 kishining yostig‘i qurigan, boshqa talofatlarni ham qo‘shganda 30 000 000 kishi nobud bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi o‘zbek xalqiga ham beqiyos katta talofat keltirdi. Minglab ayollar beva va bolalar yetim bo‘lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog‘ida qayg‘u-alam bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yo‘q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o‘ldi. Urush o‘zbek xalqining bor-yo‘g‘idan tamomila ayirdi, ko‘rpa-yostig‘i, boshqa ro‘zg‘or anjomlaridan mosuvo bo‘ldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo‘lib qoldi. Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko‘p odamlarning yostig‘ini quritdi. Bolalarning orasida ham o‘lim ko‘p uchrardi. Biroq sho‘ro davlatining e’tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o‘rniga qo‘yilmay, ular o‘z holiga tashlab qo‘yildi.
Xullas, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko‘rmagan odamlarning ko‘pchiligi qayg‘u-alam girdobida jon berdilar. Shunga o‘xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug‘ kunlarni ko‘rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli ko‘rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo‘shib, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirishdi.
Xalqimizning shonli o‘tmishi va jasorati namunasi bo‘lgan suhbat talaba yoshlarimizni vatanparvarlik, erkinlik tuyg‘usi kuchayishiga xizmat qildi.