Xotira va qadrlash tushunchalari chuqur ijtimoiy-falsafiy, qolaversa siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ma’no kasb etadi.
Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘giti, milliy merosimizni anglatib tursa, qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi.
Ma’murova Klara Toshmatovna (1938-2018)Ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi ustozimiz Ma’murova Klara Toshmatovna xotirasini yod etish, uning ta’lim sohasini rivojlantirish, yoshlar tarbiyasiga qo‘shgan hissasini aytish tom ma’noda xotiraga bo‘lgan hurmatni namoyon etadi. Bu yoshlarni yurtparvarlik, mehnatsevarlik, ustozlarning eng yaxshi an’analaridan faxrlanish, ularga munosib vorislar bo‘lish ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega.
Klara Toshmatovna uzoq yillar Toshkent tibbiyot akademiyasi (II ToshMI) Ijtimoiy fanlar kafedrasida faoliyat yuritdi, kafedra o‘qituvchilari va talabalarning sevimli ustozi bo‘lgan. Ustozimiz rus, ingliz, hind-urdu tillari bo‘yicha mohir tarjimon ham edi. Ayniqsa, jahon xalqlari madaniyatining yuksak bilimdoni, tibbiyot tarixi fanining “akademigi” edi.
Kafedrada ko‘p yillar talabalarga Tibbiyot tarixi va Madaniyatshunoslik fanlaridan saboq berdilar. Bu borada ko‘plab maqolalar chop ettirdi, o‘quv-uslubiy qullanmalar yaratdi. Kafedramizda har bir yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlari (maqola, dissertatsiya, risola)ni chuqur o‘rganar, xorij tillariga tarjima qilishga ko‘maklashar edi. O‘quv ma’ruzalari ustozimiz tomonidan juda namunali darajada tashkil qilinardi.
Klara Toshmatovna kiyinish madaniyatiga rioya qilgan yuksak didli inson edilar, kafedraning yosh o‘qituvchilariga hamisha o‘rnak bo‘lgan. Bu borada ham talabalarga talabchan bo‘lgan. Jamoat ishlarida ham faol hisoblanardi. Ustozimizdan o‘rgangan dars o‘tish uslublarini bugun ham ta’lim-tarbiyada qo‘llab kelmoqdamiz, ularday fidoyi bo‘lishga harakat qilmoqdamiz.
Ma’murova Klara Toshmatovna(1938-2018)