TTA tibbiy profilaktika fakulteti 206-guruh talabalari ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘kituvchisi Umarova F..A. bilan birgalikda XAST IMOM majmuasiga tashrif buyurishdi.
Ushbu tashrif jarayonida talabalar “Xast Imom”machiti xaqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Hazrati Imom (xalq orasida Xast imom nomi bilan mashhur) – Toshkentning eng asosiy diqqatga sazovor joylaridan biridir. Majmua Toshkent imomi, olim, Qur’on va hadis bilimdoni, Toshkentda islomning ilk targ‘ibotchilaridan biri, shoir va hunarmand Hazrati Imom (uning to‘liq ismi Abu Bakir ibn Ismoil Al-Qaffol Ash-Shoshiy) qabri atrofida bunyod etilgan.Machitdagi arxeologiya fondida qazishmalar paytida turli yodgorliklardan topilgan devoriy tasvirlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, mehnat qurollari, qadimiy yozuvlar tasvirlangan ashyolar va boshqa jihozlar saqlanadi.
Masjidning gumbaz va peshtoqlariga Furqat Mansurov boshchiligidagi sopol tajriba kombinati mohir musavvirlari, Abduvohid Mamajonov, Arslon Normatov, Yunus Mavlonov, Dilorom Muhammadjonova, Zulfiya Ismatova, Viktor Gan, Viktor Xolodnikov, Sergey Ivanov kabi musavvir-koshinpazlar va kimyo fanlari nomzodi, tadbirkor Maxsuma Mas’udova, usta kulol Abdubosit Mamajonov xamda shahrisabzlik usta Bozorboy Botirov boshchiligidagi koshin teruvchilar bezak berishdi.
Ana shu peshtoqlar ostida o‘ng va chap tomondan masjid qanotlariga, o‘rtadan esa jome hovlisiga kiradigan qo‘shtabaqa o‘ymakor yog‘och darvozalar o‘rnatildi.
Masjidda bir paytda ayvoni bilan qo‘shib hisoblansa, besh mingdan ortiq kishi namoz o‘qiy oladi. Xonaqohning uzunligi 77 metr, eni esa 22 metr, mehrobi bilan qo‘shib hisoblansa 24 metr keladi. Qanotlari bo‘yiga 35, eniga 25 metr.
Eski Jo‘va bozori, Chorsu maydoniga yaqinlashganingizdayoq shaharning shimoliy tarafida osmonga bo‘y cho‘zgan ikki minoraga ko‘zingiz tushadi. Bular «Hazrati Imom» jome masjidi minoralari. Ularning balandligi 52 metr. O‘ng minorani xorazmlik Ibrohim va Erkin usta, chap minorani esa samarqandlik Sharif usta jamoalari tiklashdi. Majmuadagi yozuvlarni Shayx Abdulaziz Mansur tahriri ostida Habibulloh Solih, Islombek Muhammad va Abdulg‘ofur Xaqberdi kabi mohir xattotlar bitganlar.
Xazrati Imom majmuasiga O‘zbekiston musulmonlari Diniy boshqarmasi binosi ham kiradi. Undan sal narida XIX asrda ko‘hna poydevor ustiga qurilgan va bir necha bor qayta ta’mirlangan Juma-Masjid joylashgan. Unda juma namozlaridan tashqari nikoh marosimlari ham o‘tkaziladi. Uning qarshisida o‘ttiz mingdan ortiq diniy va dunyoviy kitoblarga ega Diniy boshqarma kutubxonasi joylashgan. Ularning orasida Diniy boshqarmaga chet el islom mamlakatlari rahbarlari tomonidan hadya etilgan ikki mingta nodir kitoblar, shu jumladan juda chiroyli rasmlar bilan boy tarzda bezatilgan XVI asr boshlari qo‘lyozmalari, xattotlikning noyob namunalari, Qur’onning boy bezatilgan nashrlari bor. Kutubxonaning alohida xonasida musulmonlar ko‘rishi uchun qo‘yilgan Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni alohida qimmatga ega.
Hazrati Imom maydonini yirik, bizning zamonamizda o‘rtaosiyo me’morchiligining eng yaxshi an’analaridan foydalanib qurilgan, moviy gumbazlari yarqirab turgan Jome juma masjidi tugatadi. Masjidga Qorasaroy tarafdan kirishni har biri 56 metrli ikkita minora o‘rab turadi.
Hazrati Imom kompleksi 1000 yillardan ortiq O‘zbekistonda islom madaniyati markazi bo‘lib qolmoqda.